Mazkur maqolada muallif axborotlarni raqamlashtirish va arxivlashtirishning qonuniy asoslariga to‘xtalgan. O‘zining tadqiqiy izlanishlari natijasida xorijiy tajribani o‘rgangan holda muallif ilmiy yondashuvini aks ettirgan. Arxiv sohasini raqamlashtirishning va avtomatlashtirishning huquqiy asoslari tahlil qilingan. Muallif hujjatlarni elektron shaklda saqlashning huquqiy masalasini tadqiq etar ekan, buning uchun arxivlardagi mavjud moddiy-texnik hamda kadrlar imkoniyatlarini ham alohida hisobga olgan.
Kalit so‘zlar: arxiv, elektron arxiv, elektron hujjat, farmon, hujjat, hujjatning elektron nusxasi, hujjatlarni saqlash, hujjatlarni bilan ishlashning jarayonlari va texnologiyalari, qaror, qonun.
LEGAL BASIS OF DIGITIZATION AND ARCHIVING OF INFORMATION
Anvarjon Orifjonovich Aliyev, Researcher at the National University of Uzbekistan, Head of Information Service Agency “Uzarchive”
In this article, the author stopped on the legal grounds for digitization and archiving of information. As a result of his research research, author reflected the scientific approach of the author, studying foreign experience. The legal framework for digitization and automation of the archive industry is analyzed. While studying the legal issue of maintaining the author in electronic form, the author is considering the existing logistical and personnel capabilities in the archives.
Index Terms: archive, decision, electronic archive, electronic archive, electronic version of electronic document, electronic copies, electronic copies of documents, law, processes and technologies of documentation.
XX asr oxirlarida insoniyat taraqqiyotidagi erishilgan yutuqlarda informatsiyani uzatish, qabul qilish va saqlash sohalaridagi rivojlanishlar asosiy rol o‘ynadi. Sohaning rivojlanish tezligi shunchalik kuchli ediki, u mikroprotsessor texnologiyasini rivojlantirishdan iborat bo‘lgan navbatdagi axborot inqilobini yaratishga zamin bo‘lib xizmat qildi. Insonlar, korporatsiyalar va tashqi dunyo o‘rtasidagi ma’lumotlar almashinuvi hajmini ancha tezlashtirdi. Kompyuter texnologiyalari paydo bo‘lishidan oldin ham, insoniyat elektron ma’lumotlar uzatish uchun turli vositalardan, masalan, telefon, radiodan foydalangan. Ammo uzatish tezligi va ma’lumotlar hajmining cheklanganligi zamonaviy texnologiyalarning rivojlanishiga olib keldi[1].
Tarixdan bizga ma’lum insoniyat taraqqiyoti davomida jamiyatning muayyan shakl va hajmda axborot, bilim almashinuvi asosida rivojlanib kelgan. Ammo hozirgi bosqichda axborot texnologiyalarining mislsiz taraqqiyoti dunyo miqyosida yaxlit axborotlashgan jamiyatni shakllantirdi. Hozirda axborot odamlar va jamiyat farovonligining eng muhim manbasiga aylanmoqda, rivojlangan davlatlar iqtisodiyoti tarkibida axborot texnologiyalari industriyasi eng yirik sohani tashkil etadi. O‘z navbatida inson ham axborot olish imkoniyatini o‘zi uchun qulay vosita va maxsulotlardan qisqa fursatda olishga intilmoqda. Xalqaro telekommunikatsiya ittifoqi (ITU) bergan ma’lumotiga ko‘ra 2021 yil davomida dunyoning 4.9 millard aholisi (dunyo aholisi umumiy sonining 37 %) internetdan foydalanadi. Hatto 2021 yilga kelib internet tarmog‘idan foydalanuvchilarning 57 % 24 yoshdan katta bo‘lgan aholi bo‘lganligi insoniyat hayotida internetning ahamiyati oshib borayotganidan dalolat beradi[2].
Har bir sohada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va nano texnologiyalar yordamida ishlab chiqarishni rivojlantirishga juda katta sarmoyalar kiritish rivojlangan davlatlarning muhim strategik rejalariga aylanib ulgurgan. Ishlab chiqarishda inson omilini kamaytirish va hayotiy faoliyatlarda innovatsion texnologiyalarni qo‘llash ustida izchil tadqiqotlar olib borilmoqda. Binobarin, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining taraqqiy etishi mamlakatning raqobatdoshlik darajasiga ta’sir ko‘rsatadi, katta hajmda axborot to‘plash va uni umumlashtirish sharoitini yaratadi, boshqarishni strategik darajada tashkil etish uchun keng imkoniyatlar ochib berishda muhim omil hisoblanadi.
1991-yildan so‘ng arxiv sohasida ham bu borada bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirilib kelindi. O‘zbekiston Respublikasida arxiv sohasi bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni tartibga solish, arxiv hujjatlarni saqlash, elektronlashtirish, olib borayotgan xalqaro hamkorlik, bu borada grant mablag‘larini jalb qilish, arxivchi xodimlarni xorijda malakasini oshirish, davlat arxivlarini rekonstruksiya qilish va texnik modernizatsiyalash bo‘yicha qator qonunchilik hujjatlari qabul qilindi. Respublikamizda arxiv ishi bo‘yicha qabul qilingan qonunchilik hujjatlariga bir qator qonun, qaror, nizom, yo‘riqnoma, qoida, buyruqlarni kiritishimiz mumkin.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan “Arxivlar to‘g‘risida”gi qonun qabul [3] qilinib, bu Qonun asosida arxiv tizimi borasida bir qator samarali ishlar olib borilgan bo‘lib, 2010-yilda ushbu Qonun o‘z kuchini yo‘qotdi [4] hamda bu sohada yangi Qonun qabul qilindi. 2010-yilda Oliy Majlis tomonidan “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi [5]. Mazkur hujjat 6 bob, 36 moddadan iborat bo‘lib, matbuotda e’lon qilingan [6] va ushbu Qonunning maqsadi arxiv ishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
“Arxiv ishi to‘g‘risida”gi Qonunga ilk marotaba 2020-yilda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, ungacha bu Qonunga hech qanday o‘zgartirishlar kiritilmagan[7]. Ya’ni yangi Qonunning 13-moddasiga ko‘ra bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib [8], mazkur normativ-huquqiy hujjat loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida ishlab chiqilgan [9].
Qonun bilan quyidagicha qat’iyy norma kiritildi:
“24-moddaning ikkinchi qismi “davlat arxivlariga” degan so‘zlardan keyin “elektron ko‘chirma nusxalari bilan birga, alohida qimmatga ega bo‘lgan va noyob hujjatlar uchun esa sug‘urta nusxalari bilan birga” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin”[10]. Bu matndagi ko‘rsatilgan 24-modda deganda “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi Qonuni nazarda tutilmoqda va bungacha qonunda elektron nusxalari bilan topshirish normasi mavjud bo‘lmagan [11].
Mustaqillik davrida arxiv sohasiga oid bir qator O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari qabul qilingan bo‘lib, ular sohani rivojlanishiga imkoniyatlar yaratdi. Jumladan, Koreya Respublikasi Hukumatining grant mablag‘larini jalb etgan holda O‘zbekiston Respublikasi markaziy davlat arxivlarini rekonstruksiya qilish hamda ularni texnik modernizatsiyalash ishlari amalga oshirildi[12]. Ushbu grant loyihalari yordamida Milliy arxiv fondining alohida qimmatli hujjatlari elektron shaklini yaratish ishlari jadallashtirilishiga erishildi va MAFga kiritilgan alohida qimmatli hujjatlarni 2015-2017-yillarda raqamlashtirish Reja-dasturiga asosan 2016-yil hisobot davrida O‘zbekiston Respublikasi markaziy davlat arxivlarida 20 212 saqlov birligidagi, shu jumladan 219 701 varaq qog‘oz, 133 ta kino, 18 100 ta surat, 158 ta ovoz hujjatlarining elektron nusxalari hamda 1 761 saqlov birligidagi qog‘oz asosdagi va 13 200 hisob birligidagi surat hujjatlardan 47 700 ta bibliografik ma’lumotlari yaratildi[13].
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-sentabrdagi Farmoni [14] O‘zbekiston Respublikasida Milliy arxiv fondi hujjatlarini sifatli saqlovini ta’minlash uchun arxiv ishi va ish yuritishni tubdan takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, uning ijrosiga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori[15] qabul qilindi. Mazkur qaror loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5185-son Farmoniga muvofiq, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida Milliy arxiv fondi hujjatlarini sifatli saqlovini ta’minlash uchun arxiv ishi va ish yuritishni tubdan takomillashtirish maqsadida ishlab chiqildi.
Ushbu Qaror loyihasini qabul qilish zaruriyati quyidagi asosiy sabablarga asoslangan:
davlat arxivlari binolarining 97 % da yong‘inni avtomatik o‘chirish tizimi mavjud bo‘lmagan. Shuningdek, Davlat arxivlarining aksariyatida hujjatlarni tashqi ta’sirdan saqlaydigan, sig‘imdorligi yuqori bo‘lgan zamonaviy mobil stellajlar o‘rnatilmagan.
2019-yil holatiga 3 ta markaziy davlat arxivlaridan tashqari boshqa birorta arxivda elektron hujjatlarni saqlash uchun sharoitlar yaratilmagan.
2019-yil 20-sentabrga qadar jami Milliy arxiv fondi hujjatlarining 5 %i va alohida qimmatli hujjatlarning 23 %i raqamlashtirilgan xolos. Buning natijasida arxivlarning pullik xizmatlarini, shu jumladan valuta tushumlarini kengaytirish imkoniyati mavjud bo‘lmagan.
Amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida Kodeksning 2154 – moddasi bo‘yicha arxiv hujjatlarini topshirishning, saqlashning, ulardan foydalanishning, xuddi shuningdek arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan xizmatlar ko‘rsatishning belgilangan tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Lekin bu borada yagona davlat siyosatini yuritadigan va davlat nazoratini olib boradigan Agentlik va uning hududiy boshqarmalarida taqdimnomalar kiritish huquqi mavjud bo‘lmagan[16].
Har ikki hujjatning qabul qilinishi O‘zbekistonda arxiv ishini takomillashtirishdagi tarixiy voqelik bo‘ldi. Bundan keyingi sohadagi islohotlarni olib borish uchun poydevor vazifasini o‘tadi hamda birmuncha boshqa hujjatlarni qabul qilinishiga turtki berdi. 2022-yilga kelib sohaga doir yana bir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori qabul qilinib[17], mazkur qaror loyihasi “yo‘l xaritasi”ga muvofiq [18] tadbirkorlar takliflari va xatlov natijalari asosida tegishli hujjatlarning qog‘oz shaklidan voz kechgan holda ularni elektron shaklga o‘tkazish bo‘yicha takliflar asosida ishlab chiqildi.
Biznes uchun hujjatlarni (shu jumladan arxiv, bank, soliq, statistika sohalarida yuritiladigan yoki tegishli davlat xizmatlarini olishda foydalaniladigan hujjatlarni) qog‘oz shaklida saqlash va davlat idoralariga topshirish amaliyotini tadbirkorlar ishtirokida keng muhokama qilish va tadbirkorlar takliflari va xatlov natijalari asosida tadbirkorlar uchun biznes jarayonlarida qog‘ozbozlikni qisqartirish qaror loyihasining asosiy g‘oyasi hisoblandi. 2022-yilning 22-avgust kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan “ochiq muloqoti”da biznes uchun hujjatlarni (shu jumladan arxiv, bank, soliq, statistika sohalarida yuritiladigan yoki tegishli davlat xizmatlarini olishda foydalaniladigan hujjatlarni) qog‘oz shaklida saqlash va davlat idoralariga topshirish amaliyotini tadbirkorlar ishtirokida keng muhokama qilish belgilangan edi. Mazkur topshiriq ijrosini sifatli va o‘z muddatlarida ta’minlash hamda tadbirkorlar uchun biznes jarayonlarida qog‘ozbozlikni qisqartirish amaliyotini keng muhokama qilish maqsadida 2022-yilning 27-sentabrida Moliya vazirligi tomonidan davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbati jarayonida tadbirkorlardan buxgalteriya hisobini yuritish, soliqqa tortish va statistika hisobotlarini takomillashtirish, biznes jarayonlarida hujjatlarni elektron shaklga o‘tkazish va saqlash bo‘yicha qator takliflar bildirildi[19]. Jumladan, bir qator statistika hisobotlarini qisqartirish hamda ularni topshirish muddatlarini qayta ko‘rib chiqish, davlat organlariga topshiriladigan hujjatlar va hisobotlarni davlat organlari o‘rtasida integratsiyasini ta’minlash, buxgalteriya hisobi boshlang‘ich hisob hujjatlari, registrlarini elektron shaklga o‘tkazish kabi masalalarni hal etishning davri kelganligi yuzasidan amaliy takliflar ilgari surilgan.
Qarorda belgilanishicha, birinchidan, davlat arxiviga qog‘oz shaklida taqdim etiladigan jismoniy shaxslarning 2022-yil 1-yanvardan keyin hisoblangan ish haqi va boshqa daromadlari hamda ular bo‘yicha hisoblangan soliq summalari to‘g‘risidagi hujjatlarni davlat arxiviga topshirish amaliyoti bekor qilindi. Ya’ni bunda, ish haqi va boshqa daromadlar hisoblanishida jismoniy shaxs shaxsiy identifikatsiya raqami yuritilishi ishonchliligi bo‘yicha javobgarlik soliq to‘lovchi tashkilotlar mansabdor shaxslari zimmasiga yuklatildi. Bu ishlarni amalga oshirishga imkoniyat yaratish uchun davlat soliq qo‘mitasi tomonidan har bir jismoniy shaxs o‘z hisoblangan daromadlari va ular bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslar daromad solig‘i ma’lumotlarni olish bo‘yicha soliq.uz mobil ilovasida “ish haqqini tekshirish” interaktiv xizmati yo‘lga qo‘yilgan;
Ikkinchidan, 2022-yil 1-yanvardan tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga elektron tarzda topshirilgan va qabul qilingan moliyaviy, soliq va statistika hisobotlarini qog‘oz shaklida saqlamaslik hamda davlat arxiviga topshirilmaslik huquqi berildi. Ammo bu sharoitda soliqlar va yig‘imlarni to‘g‘ri hisoblanganini aniqlash uchun zarur bo‘lgan buxgalteriya va soliq hisobiga oid birlamchi hujjatlar tadbirkorlik subyektlari tomonidan Soliq kodeksida belgilangan tartibda saqlanishi lozim bo‘ladi.
Uchinchidan, 2024-yil 1-yanvardan o‘z buxgalteriya va soliq hisobini dasturiy ta’minot yordamida yuritgan tadbirkorlik subyektlari buxgalteriya registrlari va boshqa hisob hujjatlarini davlat arxiviga elektron tarzda taqdim etish huquqi berildi[20].
Tasdiqlangan qarorga ko‘ra “O‘zarxiv” agentligi “Arxiv” axborot tizimini tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari bilan belgilangan tartibda integratsiya qilgan holda tadbirkorlik subyektlarining dasturiy ta’minot vositasida jamlangan hujjatlarini elektron ko‘rinishda qabul qilish, saqlash hamda so‘rovga ko‘ra taqdim etish amaliyotini yo‘lga qo‘yishi kerak[21]. Albatta bu katta tarixiy voqeliklardan biri hisoblanadi. Chunki raqamlashtirish jarayoni rivojlanib borayotgan bir paytda tadbirkorlik subyektlariga qo‘shimcha ravishda moliyaviy, soliq va statistika hisobotlarini qog‘ozda yuritish va saqlash talabini qo‘yish mantiqsiz.
Tahlil qilinsa 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini ro‘yobga chiqarish, shuningdek aholining hayot darajasini oshirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, biznesni rivojlantirish maqsadida davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini sifat jihatidan yangi darajaga o‘tkazish jadal sur’atlarda amalga oshirildi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilib, isloh qilinmoqda hamda takomillashtirilmoqda. Har bir tumanda (shaharda) Davlat xizmatlari markazlari tashkil etildi va 2019-yil davomida ular tomonidan 13 mln.ga yaqin xizmatlar ko‘rsatildi. Bugungi kunda ayrim hududlarda ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari soni 130 taga yetdi, mijozlar soni esa kuniga 300 dan 1,5 minggacha odamni tashkil etmoqda[22].
Arxiv xizmatlarini ko‘rsatish sohasida ham zamonaviy yondoshuvlar, interaktiv xizmatlar yo‘lga qo‘yila boshladi va bu xizmatlar reglamentlari hukumat darajasida, ilk bor 2020-yilda arxiv xizmatlari ma’muriy reglamentlari tasdiqlandi. Ushbu Qaror loyihasini qabul qilish zaruriyati quyidagi asosiy sabablarga asoslangan:
fuqarolarga pensiyalarni tayinlash uchun ijtimoiy-huquqiy so‘rovlar bo‘yicha arxiv ma’lumotnomalarini olish fuqarolar tomonidan tegishli arxivlardan olinayotgan bo‘lib, arxiv hujjatlarining saqlovi tarqoqligi sababli fuqarolarni ovoragarchiligiga olib kelgan. Arxiv ishi va ish yuritish sohasida davlat xizmatlarining ayrim turlari bo‘yicha aniq reglamentlar mavjud bo‘lmaganligi sababli, fuqarolar tomonidan norozichiliklarga sabab bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 495-son qarori bilan “Ish haqi va ish stajini tasdiqlash haqida arxiv ma’lumotnomasini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti”, “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasasida o‘qiganlikni tasdiqlash haqidagi arxiv ma’lumotnomasini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti”, “Arab alifbosida yaratilgan turk, fors va arab tilidagi hujjatlardagi axborotlar to‘g‘risida annotatsiya ma’lumotlarini tayyorlab berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” hamda “Arxiv hujjatlari, kitoblar va qo‘lyozmalarni raqamlashtirish (elektron nusxa olish) bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlandi [23].
O‘zbekiston Respublikasining “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi Qonunining 28-moddasiga ko‘ra shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari tomonidan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ijtimoiy himoya qilish uchun zarur bo‘lgan arxiv ma’lumotnomalarini, shuningdek tegishli davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga arxiv ma’lumotnomalarini va arxiv hujjatining ko‘chirma nusxasini berish bepul amalga oshiriladi[24].
birinchidan – yuqoridagi qarorning qabul qilinishi natijasida fuqarolarga pensiyalarni tayinlash tizimini soddalashtirdi hamda ushbu jarayon interaktiv asosida ko‘rsatilishiga erishildi;
ikkinchidan – fuqarolarga pensiya tayinlanishi uchun zarur bo‘lgan arxiv ma’lumotnomalarini berish jarayoni raqamlashtirildi;
uchinchidan – fuqarolarga xizmat ko‘rsatish sifati va tezkorligini oshirishga erishildi. Bungacha ushbu xizmatni bajarish uchun 30 kun yoki undan ham ko‘proq vaqt talab etgan bo‘lsa, mazkur qaror bilan tasdiqlangan regalmentga ko‘ra Davlat arxivi so‘rovnoma kelib tushgan vaqtdan boshlab ish stajini tasdiqlashga oid ma’lumotnomalar uchun - 5 ish kunidan, ish haqini tasdiqlashga oid ma’lumotnomalar uchun - 20 ish kunidan oshmagan muddatda tegishli QR-kodli ma’lumotnomani shakllantirishi hamda (o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda) tegishli Davlat xizmatlari markaziga yoki (elektron shaklda murojaat etgan taqdirda) YaIDXP orqali elektron shaklda yuborilishi belgilandi. 2021-yildan esa “O‘zarxiv” agentligi tomonidan my.mehnat.uz bilan “Arxiv ishi” yagona axborot tizimi integratsiya qilindi va “Ish stajini tasdiqlash xizmati” ishga tushirildi.
Arxiv ishi va ish yuritish sohasida amalda bo‘lgan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga taalluqli ijtimoiy-huquqiy hujjatlarni talab qilib olish bo‘yicha xorijdan kelib tushgan so‘rovnomalarni ijro qilish tartibi to‘g‘risida Yo‘riqnoma” idoraviy normativ hujjatning davlat tilida tasdiqlangan matni mavjud emasligi bois ularni qo‘llanilishida ayrim muammolarga duch kelingan. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi davlat arxivlari o‘quv zallarida foydalanuvchilarning ishlash qoidalari” idoraviy normativ hujjatida davlat va jamiyat rivojlanishidagi yangi tendensiyalar inobatga olinmaganligi, arxiv hujjatlaridan foydalanuvchilarga arxiv xizmatlarini sifatli ko‘rsatilishiga to‘sqinlik qilgan[25]. Ushbu muammolarga yechim topish uchun “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning xorijdan kelib tushgan arxiv hujjatlari bo‘yicha so‘rovnomalarini ijro qilish tartibi to‘g‘risida nizom” hamda “O‘zbekiston Respublikasi davlat arxivlari o‘quv zallarida foydalanuvchilarning ishlash tartibi to‘g‘risida nizom”ni tasdiqlovchi hukumat qarori qabul qilindi[26].
2021-yilda “O‘zarxiv” agentligi tomonidan loyihalari ishlab chiqilgan yana 3 ta Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilingan. Biri bilan arxiv ishi va ish yuritish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotish masalasi hal etildi .
Arxiv ishi sohasida qabul qilingan so‘nggi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq “O‘zarxiv” agentligi tizimi takomillashtirilishi natijasida O‘zbekiston milliy arxivlari, shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari tashkil topdi. Arxivlarga tashkilotlarning arxiv hujjatlarini qabul qilinishida qog‘oz asosdagi hujjatlar bilan bir qatorda ularning elektron nusxalari ham topshirilishi, arxivlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga eng ko‘p ko‘rsatiladigan arxiv xizmatlarining Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilishini joriy etish, arxivlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarning yagona narxnomasini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish belgilandi. Arxivlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarning muddatlarini qisqartirish nazarda tutildi. Arxiv ishi jarayonlarini to‘liq qamrab oluvchi va interaktiv qidiruv imkoniyatlari mavjud bo‘lgan “Arxiv ishi” yagona axborot tizimi yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va bosqichma-bosqich arxivlar amaliyotiga joriy etish orqali soha faoliyatini raqamlashtirishga zamin yaratildi.
Mazkur belgilangan ishlarni bajarish uchun arxiv ishi sohasiga doir amaldagi normativ-huquqiy hujjatlardagi normalarga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish ehtiyoji tug‘ildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Kiritilgan asosiy o‘zgartirishlardan biri yangi atamaning kiritilishi bo‘ldi, ya’ni «elektron nusxa — an’anaviy asosdagi (qog‘oz, video, audio kasseta, kinolenta va boshqalar) hujjatlarni raqamlashtirish orqali ularning yaratilgan elektron shakli, asl nusxada mavjud bo‘lgan axborotni o‘qish yoki ko‘rish (eshitish) imkonini beruvchi elektron ko‘chirma nusxasi”.
Ekspert komissiyalar faoliyatini takomillashtirish maqsadida “Davlat organlari va tashkilotlarining arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi ekspert komissiyalari to‘g‘risidagi namunaviy nizomlarni tasdiqlash haqida”gi navbatdagi qaror qabul qilind. Qarorni qabul qilishning asosiy zarurati avvalgi shu kabi hujjatlar rus tilida tasdiqlanganligi sababli yuzaga kelgan.
Arxiv xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining arxiv xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida yangi xizmat joriy etildi va uning ma’muriy reglamenti hukumat qarori bilan tasdiqlandi. Qaror bilan “Yaroqsiz holatga kelgan yoki yo‘qotilgan mehnat daftarchasidagi yozuvlarni tasdiqlash bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatish, ariza berish va uni ko‘rib chiqish, ma’lumotnomani ariza beruvchiga taqdim etish tartibini nazarda tutuvchi Yaroqsiz holatga kelgan yoki yo‘qotilgan mehnat daftarchasidagi yozuvlarni tasdiqlash bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” hamda “Mavzuli so‘rovlarni ijro etish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlangan. Shu bilan birga Davlat arxivlari o‘quv zallarida arxiv hujjatlaridan foydalanish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash maqsadida 2021 yilda yana bir hujjat qabul qilindi
Xulosa o‘rnida 2020-yil arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirishga qaratilgan 1 ta “Arxiv ishi to‘g‘risidagi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, 6 ta Vazirlar Mahkamasi qarori, 2021-yilda 3 ta Vazirlar Mahkamasi qarorlari qabul qilinganligini keltirish lozim. Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar davlat arxivlarida Milliy arxiv fondi hujjatlarini jamlash, ularning saqlanishini, davlat hisobiga olinishini ta’minlash va ulardan keng foydalanish ishlarini yanada sifatli tashkil etishga xizmat qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni “Arxivlar to‘g‘risida”. 15.04.1999y. № 768-I. https://lex.uz/acts/2656
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni “Axborotlashtirish to‘g‘risida”. 11.12.2003y. № 560-II. https://lex.uz/docs/83472
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida” 29.04.2004y. № 611-II. https://lex.uz/docs/165079
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni “Arxiv ishi to‘g‘risida” 2010 yil 15 iyun, O‘RQ-252-son. https://lex.uz/acts/1645540
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 03.12.2020 yildagi O‘RQ-653-son. https://lex.uz/docs/5140909
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 20.09.2019 yildagi PF-5834-son. https://lex.uz/docs/4523373
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori “O‘zbekiston Respublikasi «O‘zarxiv» Agentligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 20.09.2019 yildagi PQ-4463-son. https://lex.uz/docs/4523179 \
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori “Hisobot taqdim etish va arxiv hujjatlarini saqlash tartib-taomillarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 10.11.2022 yildagi PQ-419-son. https://lex.uz/docs/6281302
Кизелев П. А.“Информационные технологии в обществе” “Эпоха науки” журнал 2017г. №9. С.151
https://www.itu.int/en/ITU-D/Statistics/Pages/facts/default.aspx Xalqaro telekommunikatsiya ittifoqi rasmiy sayti
“Arxivlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 1999 yil 15 aprel, № N768-1-son.
O‘zbekiston Respublikasining 2004 yil 30-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 621- II-son Qonuni.
“Arxiv ishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni 2010 yil 15 iyun № N 252-son.
“Xalq so‘zi” gazetasi 2010 yil 16-iyundagi 119-soni 1-bet.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni 03.12.2020 yil, O‘RQ-653-son.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010 yil, № 6, 233-modda; 2018 yil, № 4, 224-modda; 2019 yil, № 1, 1-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2019 yilda qonun loyihalarini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019 yil 11 fevraldagi 113-son qarori.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-653-son qonuni 03.12.2020 yil.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-653-son qonuniga tushuntirish xatidan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 21 avgustdagi PQ-949-sonli “Koreya Respublikasi Hukumatining grant mablag‘larini jalb etgan holda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivlarini rekonstruksiya qilish hamda ularni texnik modernizatsiyalash chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori.
Arxiv ishi va ish yuritish sohasi bo‘yicha Axborotnoma 53-son, – Б.26.
2019 yil 20 sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5834-son Farmoni. https://lex.uz/docs/4523373
2019 yil 20 sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-4463-son qarori. https://lex.uz/docs/4523179
2019 yil 20 sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-4463-son qarori tushuntirish xatidan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hisobot taqdim etish va arxiv hujjatlarini saqlash tartib-taomillarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 10.11.2022 yildagi PQ-419-son qarori. https://lex.uz/docs/6281302
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2022 yildagi “ochiq muloqoti”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-364-son qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hisobot taqdim etish va arxiv hujjatlarini saqlash tartib-taomillarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 10.11.2022 yildagi PQ-419-son Qarori tushuntirish xatidan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hisobot taqdim etish va arxiv hujjatlarini saqlash tartib-taomillarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 10.11.2022 yildagi PQ-419-son qarori tushuntirish xatidan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hisobot taqdim etish va arxiv hujjatlarini saqlash tartib-taomillarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 10.11.2022 yildagi PQ-419-son qarori.
“Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 31.01.2020 yildagi PF-5930-son.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 19.08.2020 yildagi “Arxiv ishi va ish yuritish sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 495-son qarori
O‘zbekiston Respublikasining “Arxiv ishi to‘g‘risida” Qonuni, Toshkent sh., 2010 yil 15 iyun, O‘RQ-252-son, 28-modda
“O‘zarxiv” agentligining 2020 yil 16 sentabrdagi 01-25/731-son bilan Vazirlar Mahkamasiga yo‘llagan tushuntirish xati
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 10.11.2020 yildagi “Arxiv ishi va ish yuritish sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 706-son qarori
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 15.02.2021 yildagi “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi 68-son qarori. https://lex.uz/docs/5291992
“O‘zarxiv” agentligining 2021 yil 19 yanvardagi Vazirlar Mahkamasiga 01-26/94-son bilan yo‘llagan tushuntirish xati
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida” Qarori 15.02.2021 yil, 68-son
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat organlari va tashkilotlarining arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi ekspert komissiyalari to‘g‘risidagi namunaviy nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 2021-yil 24- avgustdagi 538-son qarori
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-sentabrdagi 597-son qarori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29-dekabrdagi 788-son qarori